Bosh sahifaga qaytish

Assalomu alaykum!

Yangiyo‘l shahar 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining rasmiy saytiga
xush kelibsiz!

1956-yilda tashkil etilgan bizning muassasa yangiyo‘llik o‘gil-qizlarga musiqa va san’at sirlarini yetkazishda, ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Farzandlarimizning o‘zlari orzu qilgan kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishishlari uchun maktabimizda barcha sharoitlar mavjud. Ularga o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan 38 ta pedagoglar ta’lim beradi.

Birinchi prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida»gi 910-qaroriga muvofiq bizning maktab 2011-yilda to‘liq qayta ta’mirlanib, moddiy-texnik bazasi yanada yaxshilandi. Maktab zamonaviy musiqa cholg‘ulari, ovoz kuchaytirgich, mebel va uskunalar bilan jihozlandi, bosqichma-bosqich ravishda zarur o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, notalar, SD disk va ko‘rgazmali materiallar bilan ta’minlanib kelinmoqda. Maktabda elektron kutubxona tashkil qilingan bo‘lib uninig bazasi 5000 ga yaqin elektron kitobni, 10 000 ga yaqin turli notalarni tashkil qiladi.

Maktabda bolalarning ma’lum bir cholg‘u asobini chalish texnikasini egallash bilan bir qatorda, jahon mumtoz musiqasini, dunyoga tanilgan buyuk bastakorlar va rassomlarning ijodini chuqur o‘rganish, o‘quvchilarning musiqiy va umumiy madaniyatini oshirish, bolalarda butun umri davomida xamroh bo‘ladigan musiqa va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini kuchaytirish va muhabbatni har tomonlama singdirish ishlari olib borilmoqda.

Maktabda ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan belgilab berilgan davlat ta’lim standartlariga muvofiq olib boriladi.

Maktabimiz o‘quvchilari o‘zlarining bilimlari bilan nafaqat respublika, balki chet ellarda ham o‘tkazib kelinayotgan turli tanlovlarda, festivallarda ishtirok etib kelib faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Ayniqsa fortepiano, akademik vokal yo‘nalishlari o‘quvchilarining erishayotgan yutuqlari maqtovga sazovordir. Bundan tashqari, o‘quvchilarimiz shahrimizda o‘tkazilayotgan turli tadbirlarning, shu jumladan, mustaqillik bayrami, Yangi yil bayrami, Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarning doimiy ishtirokchisidir.

Bundan tashqari maktab tomonidan Yangiyo‘l shahar hududiga joylashgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda konsertlar uyushtiriladi.

Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘quvchilarga musiqa va san'atning 13 ta yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beriladi. Yo‘nalishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Siz ushbu sahifadan olishingiz mumkin.

Farzandlaringizni bizning maktabda ko‘rishdan doimo xursand bo‘lamiz.

22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi direktori

Xasanbayeva Zuxra Uskanbayevna