Qadimdan Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida turli millat, elat, til va madaniyat vakillari yonma-yon yashab kelgan. Xalqlarning madaniy xilma-xilligi mustaqil O‘zbekistonning ham asosiy yutuqlaridan biri, bebaho boyligi sifatida e’tirof etiladi. Bugungi kunda respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 konfessiya vakillari tinch-totuv, do‘stona muhitda istiqomat qilib kelmoqda. 157 milliy madaniy markaz, 38 do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Rossiyaning o‘tmishi, buguni mustahkam aloqalar bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda yurtimizda 800 mingdan ortiq rus millati vakili yashaydi. Ular boshqa xalqlar singari teng fuqarolik huquqi va erkinligi bilan ta’minlangan.
Joriy yilning 24-fevral kuni Yangiyo‘l shahri Rus milliy madaniy markazi tomonidan “Maslenitsa” bayrami keng ko‘lamda nishonlandi. Bayram tadbirlarida maktabimiz o‘quvchilari ham ishtirok etishdi.