Joriy yilning 8-may kuni 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar tomonidan Vatanga muhabbat, tinchlik, jasorat va inson qadri ulug‘langan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlari hamda she’riy chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Konsert davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan matonat, front ortida fidokorona mehnat qilgan insonlarning jasorati haqida so‘z yuritildi. O‘quvchilarga yurt tinchligi va bugungi osoyishta hayot qanday buyuk qurbonliklar evaziga qo‘lga kiritilgani haqida tushunchalar berildi.
Xotira va qadrlash kuni — bu nafaqat urush qatnashchilarini yod etish, balki el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan, bugungi kunda ham xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan insonlarni e’zozlash kunidir. Ushbu sana yosh avlod qalbida ajdodlarga hurmat, vatanparvarlik va minnatdorlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ustozlar, faxriylar hamda mehmonlarga o‘quvchilarning ijodiy chiqishlari uchun minnatdorlik bildirildi.